Şairler | Şiirler

Balog`at

Yilnomadan yirtilgan sonsiz varaqlar,
Ko'zlarim o'rganmay bahorga hali
Qaytalagan kuzlar
Va yaproqlari
Tinimsiz uzilayotgan daraxtlar,
Vujudimni chaynayotgan soat millari
Ko'z oldimdan o'tayotgan bolaligimning
Shaffof yillari?
Bir belgidir bularning bari
Bir belgidir-
Men ulg'ayyapman.

Ko'cha to'lib oqayotgan
Zabardast
Shashti past
Yuzlari tiniq
Qalb o'ti so'niq
To'g'riyu egri
Dimog'i shishgan
Va ochlikdan holsiz tirishgan
Biri umidvor
Boshqasi abgor
Odamlarning safiga qo'shilayapman.
Bolalik hotiralarimni sekin
Unutayapman.
Ona, senga omonatdir ular
Bir sen unutma.
Mendan esa sadoqat kutma
Chunki bolang ulg'ayyapti.

Mening ilk bor
Sharob ichganda burishgan yuzim
Endi burishmas dunyoning kir ishlaridan,
Tamaki tutatganimda ilk bora humor
Achchig'idan qisilgan ko'zim
Endi asabiy qisilmas shaytonning
Qilmishlaridan.
Polapon ortidan quvlab yetolmay
Tirishgan peshonam
Endi osongina tirishmas
Va alam ham qilmas endi yiqilsam.
Doim charog'on betasvish ko'nglim
Endi osongina yorishmas...
Onam,
O'sha burishgan yuzimni
O'sha qisilgan ko'zimni
Osha tirishgan peshonam
Va charog'on ko'nglimni
Omonat qoldirdim senga,
Ularni bir sen unutma
Mendan esa sadoqat kutma.

O'g'irlikka tushganimda qo'shni bog'iga
Titragan qo'lim
Ilk bor yolg'on so'zlarkan
Muzlagan tilim
Sinfdosh bir qizni ranjitib avval
Keyin esa og'rigan dilim?
Bolalikdan hotiradir bularning bari.
Omonat topshirib senga ularni
Ona, tirmashib boryapman
Ulg'ayish sari.

Ko'cha to'lib oqayotgan
Shon-shuhrat ortigdan quvgan,
Bir parcha non dardi bag'rin qovurgan
Birining ko'zi birining qorni och
Biri bashang biri yalong'och
Biri uyg'oq boshqasi mudroq
Kimidir mahzun kimidir quvnoq
Odamlarning galasini ko'rayapman,
Ona, men endi sen bilgan polapon bolangmas,
Go'daklik hotiralarimni senga omonat tashlab
Katta odamlarning safiga
Qo'shilayapman,
Ularni bir sen unutma
Mendan esa sadoqat kutma,
Men
Ulg'ayyapman?

Arif Turan Özbek

 

Arif Turan Özbek şiirleri

 

Populer Şairler